Компания тарихи

«Toshkent shahar telefon tarmog‘i» — «O‘zbektelekom» aksiyadorlik kompaniyasining eng yirik filialidan biri bo‘lib, poytaxtimizdagi tashkilot, muassasa, idora hamda qator yuridik maqomidagi korxonalar va shahar aholisiga mahalliy telefon aloqasi, shaharlararo, xalqaro telefon so‘zlashuvlari, ma’lumotni uzatish va Internet tarmog‘idan foydalanish kabi qator xizmatlarni taqdim etib keladi.

Shuningdek, filial tomonidan, oldindan to‘lanadigan universal kartochlar yordamida IP-telefoniya va Internet xizmati, videotelefon, ma’lumot axborot «09» xizmati, raqamli telekommunikatsiya stansiyalari tomonidan ko‘rsatilayotgan qator qo‘shimcha xizmat turlarini taqdim etib kelinmoqda.

«TSHTT» filiali tarkibida mustaqil 6 ta telekommunikatsiya bog‘lamalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Xususan, Markaziy telefon bog‘lamasi, Mirobod, Chilonzor, Yangiobod, Mirzo Ulug‘bek va Olmazor tumanlaridagi telekommunikatsiya bog‘lamalaridir. Undan tashqari, filial tarkibida Axborot hisoblash markazi va Stansiyalararo aloqa bog‘lamalari mavjud.

So‘nggi yillarda filialda qator yirik loyihalar amalga oshirildi. Jahonning ilg‘or kompaniyalari sanalgan «Siemens», «Alcatel» va «Huawei Technologies Co. Ltd» kompaniyalari tomonidan ishlab chiqarilgan zamonaviy qurilmalar asosida Toshkent shahridagi qariyib barcha telekommunikatsiya stansiyalari modernizatsiya qilindi. Toshkent shahar mahalliy telekommunikatsiya tarmog‘ida 90 ta telefon stansiyalari mavjud bo‘lib, ularning umumiy sig‘imi qariyib, 650 ming raqamni tashkil etadi. Tarmoqning raqamlashtirish darajasi 100 foizga yetkazildi. Mahalliy telekommunikatsiya tarmog‘ini raqamlashtirilishi elektraloqa tarmog‘ining ishlash sifatini sezilarli darajada yaxshiladi, abonentlarga yangi turdagi turli aloqa xizmatlari taqdim etila boshlandi, shuningdek, keng doiradagi foydalanuvchilar e’tiboriga yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘idan foydalanishni tashkil etishiga muvaffaq bo‘lindi. Xususan, filial tomonidan raqamli telekommunikatsiya stansiyalari orqali 25 dan ziyod qo‘shimcha xizmat turlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.

Yildan-yilga qo‘shimcha xizmat turlaridan foydalanuvchi abonentlarning soni ortib bormoqda. Endilikda, telefon xizmatidan foydalanuvchi «TSHTT» filiali abonentlari o‘z telefon qurilmalari orqali «Qisqa raqam terish», «Band abonentni chaqirish», «Raqam termasdan bog‘lanish», «Kiruvchi qo‘ng‘iroqlarni qayta yo‘naltirish», «Xalqaro/shaharlararo qo‘ng‘iroqlarni parollash», «Konferensaloqa» va hokazo singari qator zarur xizmatlardan foydalanishga muvaffaq bo‘ldilar. Shuningdek, filial tomonidan oldindan to‘lanadigan universal (IP telefoniya + Internet) kartochkalar yordamida xalqaro/shaharlararo aloqa va Internetdan foydalanish xizmatlari taqdim etib kelmoqda.

Toshkent shahar telefon tarmog‘ini NGN texnologiyalari asosida rekonstruktsiya qilish va modernizatsiyalash natijasida, abonentlarga «Videotelefon» xizmatini taqdim etish yo‘lga qo‘yildi. Videotelefondan foydalanish orqali shaharning istalgan joydan turib, nafaqat so‘zlashuvlarni amalga oshiribgina qolmay, balki muloqotda o‘zaro so‘zlashuvchilarni ko‘rish mumkin.

Toshkentda yuqori tezlikdagi yagona korporativ tarmog‘i yaratilgan bo‘lib, «TSHTT» filialining barcha telefon bog‘lamalari bilan bog‘langan. Uning asosida filial uchun ko‘p qirrali vazifalarni bajaruvchi billinig tizimi va boshqa dasturiy platformalar joriy qilingan. 2000-yildan boshlab, «Toshkent shahar telefon tarmog‘i» filialida ma’lumotni uzatish tarmog‘i hamda Internetdan foydalanish xizmatlarini taqdim etib kelinmoqda. So‘nggi paytlarda Toshkent shahrining barcha bog‘lamalarida yuqori tezlikdagi Internet tarmog‘idan foydalanishni ta’minlaydigan ADSL texnologiyasiga bo‘lgan mijozlarning soni ortib bormoqda. 2006-yili SDH rusumidagi katta transport telekommunikatsiya halqasi DWDM qurilimalarini joriy etish orqali kengaytirildi.

Shuningdek, filial abonentlari uchun qulaylik yaratish maqsadida, 2006-yil shahar ma’lumot xizmati «09» negizida Contact Center tizimini joriy qilindi. Ma’lumot axborot xizmati «09» shahar abonentlariga tashkilot, korxona va muassasalar, uy xo‘jaligi hamda shaharlararo/xalqaro kodlar va mobil aloqa tizimining raqam terish tartibi xususida ma’lumot berishni tashkil etilgan. Shuningdek, ma’lumot xizmati «001» avtomatlashgan obu-havo yangiliklari, «004» Toshkent shahrining vaqti haqida va hokazo kabi axborotlar kechayu-kunduz, dam olish kunlarisiz xizmat ko‘rsatmoqda.

Toshkent shahar telefon tarmog‘i filialining istiqbolida tarmoq imkoniyalarini yanada kengaytirish, mijozlarga ko‘rsatilayotgan aloqa xizmatlari sifatini oshirish hamda turdosh aloqa xizmatlarining yangi turlarini joriy etish ustuvor vazifalar etib belgilab olingan.

1887 yilda Okrug boshlig’i xonadoni bilan Toshkent pochta-telegraf idorasi o’rtasida telefon aloqasi tashkil etildi.

1891 yil iyulda Turkiston pochta-telegraf okrugi boshlig’i bilan Turkiston general-gubernatori o’rtasida g’aznadagi mablag’lar hisobidan Toshkent telefon tarmog’ini tashkil etish bo’yicha muzokaralar bo’lib o’tdi va 1891 yilda Toshkent shahrida umumiy foydalanish imkoniyatlarini beruvchi telefon tarmog’i tashkil etildi. Shu tufayli, 1901 yilga kelib, Toshkentda telefon aloqasi xizmatidan foydalanuvchilar soni 55 nafarga etdi.

1904 yil 7 sentabrda 200 raqamli “Simens va Galske” tizimidagi birinchi qo’l bilan boshqariladigan telefon stansiyasini ekspluatatsiyaga qabul qilish bo’yicha kerakli hujjatlar imzolandi.

1904 yilga kelib, Toshkent shahrida birinchi davlat telefon stansiyasi ishga tushirildi.

Toshkent shahridan keyin shunday telefon stansiya Samarqand shahrida qurildi.

1907 yilda esa telefon tarmog’ida va telefon apparatlarda bo’layotgan nosozliklarni bartaraf etish uchun Toshkent shahrida shaxsiy telefon ustaxonasi ochildi.

1895 yilda Xiva xoni Muhammad Rahimxonning topshirig’iga ko’ra, Xiva shahrida birinchi shaxsiy telefon stansiyasi ishga tushirildi. Ushbu qo’l bilan boshqariladigan stansiya 20 nomerli bo’lib, mahalliy batareyali, “Eriksson” Shved firmasi tomonidan ishlab chiqilgan edi. 1917 yilga kelib, Xiva shahrida 100 ga yaqin telefon nomerlaridan foydalanish imkoniyatlari ochildi.

1901 yil 26 iyulda Turkiston Ichki ishlar vazirligi tomonidan xususiy tadbirkorlarga shahar telefon stansiyalarini qurish, ishga tushirish va ekspluatatsiya qilish huquqi berish haqidagi farmoyishi imzolandi.

1911 yilda Turkistonda hammasi bo’lib 85 ta aloqa korxonalari bo’lgan. Bitta korxona xizmatidan foydalanishning o’rtacha zichligi aholi soni 58 ming bo’lgan vaqtda 17,6ming kv.verstani tashkil etgan.

Toshkent shahar telefon tarmog’idagi abonentlar soni 708 taga yetib, undan 54 tasi shaharning eski qismiga to’g’ri kelardi. Shuningdek, 4 ta telefon-avtomat: Temir yo’l vokzali, Toshkent tovar stansiyasi, Voskresensk bozori va shahar boshqarmasiga qo’yildi.

1914 yilga kelib, Toshkentda 942 abonent va 5 telefon-avtomat bo’lib, telefon-avtomatlar yuqorida ko’rsatilgan joylardan tashqari, Tovar idorasiga ham o’rnatildi. 1915 yilda shahar eski chegarasini telefon aloqasi bilan ta`minlash maqsadidada 60 nomerli qo’shimcha telefon stansiyasi qurildi.

XX asr birinchi yarmiga kelib, telegraf aloqasi xizmatini ko’rsatayotgan korxonalar aholi tomonidan tushayotgan oddiy buyurtmalarni ham bajara olmay qoldilar. O’sha davrda o’lkaning har bir aholisiga o’rta hisobda 0,25 ta telegramma to’g’ri kelib, ushbu ko’rsatgichni Markaziy yevropa regionlaridagi ko’rsatgichlar bilan taqqoslaganda, ancha miqdorda kam edi.

Katta hududlar, jumladan, Qoraqalpog’iston, Qashqadaryo, Surxandaryoda yashayotgan aholi telefon aloqasi xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega emas edi

1917 yil boshlarida 10 ta ishlayotgan telefon stansiyalaridan 9 tasi xususiy shaxslarga tegishli bo’lib, ular asosan aloqa xizmatlaridan tijorat ishlarini olib borishda foydalanishgan.

O’rtacha hisobda, bitta telefon aloqa stansiyasi 6400 kv.km maydonda istiqomat qilayotgan 150 minggacha bo’lgan aholiga xizmat ko’rsata olgan.

1917 yilda Turkiston Respublikasi Pochta va Telegraf Xalq Komissariati (Narkompochtel) tashkil etildi va ushbu Komissariatga aloqa korxonalari xizmatlaridan unumli va samarali foydalanish ishlarini tashkil etish, pochta, telegraf, radio, telefon aloqasi xizmatlari hamda boshqa turdagi barcha aloqa inshootlarini qurish va ekspluatasiya qilish jatumanlarini nazorat qilish vazifalari yuklandi.

Dunyoda ro’y berayotgan bosqinchilik va fuqarolik urushi aloqa sohasidagi vositalarga ham katta zarar keltirdi. 1918 yil yoz oyida bir necha ming kilometr masofadagi hamma telegraf liniyalari ishdan chiqdi, bir qancha pochta-telegraf korxonalarida o’g’irliklar sodir etildi. Natijada, Turkistondagi 22 ta shahari bilan aloqa qilib kelayotgan Toshkent telegraf idorasi 1919 yil o’rtalariga kelib, faqat 6 ta shahar bilan aloqa qila oldi.

1925 yilda respublikada hammasi bo’lib 51 ta aloqa korxonasi faoliyat ko’rsatayotgan bo’lsa, 1926 yilda ularning soni 250 taga, 1927 yilda esa 392 taga yetkazildi.

O’zbekistonda shaharlararo telefon aloqasi xizmatlari 1924 yildan boshlanib, o’sha vaqtda Toshkent va Samarqand shaharlari o’rtasida birinchi havo aloqa liniyasi ishga tushirildi.Telefonlashtirish sohasida bo’layotgan sezilarli va ahamiyatli o’zgarishlar, muvaffiqiyatlar 1926 yilda Toshkent-Samarqand, Samarqand-Dog’bit-Kattako’rg’on oralig’idagi aloqa liniyalarining ekspluatatsiyaga qabul qilish hamda shaharlararo simlar va shahar telefon tarmog’iga o’rnatilgan uskunalarni, aloqa vositalari va telefon simlarini joriy ta`minlash bo’yicha olib borilayotgan ishlar natijasida bo’ldi.

1930 yilda Toshkent-Andijon shaharlari o’rtasida bimetall zanjir bilan shaharlararo aloqa xizmati tashkil etilib, mazkur liniyalar orqali Toshkent shahrini Qo’qon va Farg’ona shaharlari bilan ham aloqa o’rnatishi yo’lga qo’yildi. Shundek, Toshkent shahri bitta kanal orqali Samarqand shahri bilan shaharlararo so’zlashuv imkoniyatiga, Andijon, Farg’ona va Qo’qon shaharlari bilan esa jadval asosida aloqa qilish imkoniyatiga ega bo’ldi. Bundan tashqari, Toshkentning o’ziga yaqin Pskent, To’y-tepa, Oqqo’rg’on, Oronikidze (Qibray) tumanlari bilan aloqa o’rnatishi bo’yicha ham kerakli ishlar olib borildi.

Shular bilan bir qatorda, telegraf aloqasini yanada takomillashtirish maqsadida malum ishlar amalga oshirildi.

1929 yilga kelib, telegraf liniyalarini qurish uchun 41600 dona ustunga buyurtma berildi va Moskva-Toshkent yo’nalishi bo’yicha bronza telegraf magistrali qurilishi boshlandi. Shuningdek, Samarqand-Buxoro, Buxoro-Chorju yo’nalishini xrom-bronzali zanjir bilan, Qo’qon-Xovost, Samarqand-G’uzor,Termiz-Jarqo’rg’on, Qovunchi-Mirzacho’l, Yangi qo’rgon-Jizzax, Dushanbe-Termiz va h.k.z shaharlari bilan esa po’lat zanjirlar orqali shaharlararo aloqa o’rnatish uchun zarur ishlar amalga oshirildi.

1930-1931 yillarda Pastarg’om, Norpoy, Bulung’ur, Angren, Xatirchi, Buvayda, Mang’it va boshqa tuman markazlari bilan aloqa o’rnatish maqsadida, havo telefon- telegraf liniyalari qurildi. Umuman olganda, aloqa sohasida simlardan foydalanish miqdori 24% ga, kabellardan foydalanish esa 65% oshdi.

Shahar telefon tarmog’ining keskin rivojlanishi qo’l bilan boshqariladigan telefon stansiyalarni avtomatik telefon stansiyalarga almashtirish zaruratini ko’rsatdi. Shuning uchun avtomatik telefon stansiyalarini (ATS) qurish va ularni ekspluatatsiyaga topshirish jatumanida ratsional tizimli ATS larni tanlash eng muhim masalalardan biri edi. Tanlov yakuniga ko’ra, 1932 yil 8 sentabr kuni Toshkent shahrida 5000 nomerli ”L.M.Eriksson” nomli shved firmasi tomonidan ishlab chiqarilgan va mashina tizimi bilan ishlaydigan birinchi avtomatik telefon stansiya -ATS-3 ishga tushirildi. Ushbu avtomatik telefon stansiya deyarli 30 yil davomida Toshkentda yakka ATS timsolida ishladi va keyinchalik davr talabiga muvofiq, uning umumiy sig’imi 10 000 nomergacha yetkazildi.

Shu bilan bir qatorda, 1932 yilda Moskva-Toshkent yo’nalishi bo’yicha shaharlararo magistral liniyasining qurilishi boshlanib, ushbu ishlar 1939 yilga borib yakunlandi.

Ko’rilayotgan chora-tadbirlar natijasida, O’zbekistonda aloqa sohasining jadal rivojlanishiga erishildi.

1936 yilga kelib, shaharlarda 227 ta yangi pochta aloqa bo’limlari va qishloq joylarida 40 ta agentlik bo’limlari ochildi. Natijada, Respublikada 471 ta pochta bo’limlari ishlay boshladi. Qishloqda ishlayotgan pochtalonlar velosipedlar bilan ta`minlandi. 1936 yilda Respublikaning aloqa sohalaridagi o’sish koeffitsenti 11% ni tashkil etdi.

Telefon tarmoqlarida ham abonentlarga xizmat ko’rsatish sifati ancha yaxshilandi.

1936 yilga 1 yanvar holatiga ko’ra, telefon aloqasining texnik ko’rsatgichlari: texnik sabablarga ko’ra to’xtash koeffitsienti, aloqa tizimda bo’layotgan uzilishlar 1932 yilga nisbatan ikki barobarga kamaydi hamda aloqa vositalari bilan ta`minlangan shahar va tuman markazlarini Toshkent shahri bilan uzluksiz aloqa qila olish imkoniyatlariga erishildi.

Umuman 1934 yilda respublikada 109 ta aloqa korxona va idoralari bo’lib, organ xodimlariga 4 ta va o’ndan ortiq telefonlar o’rnatilgandi.

1934 yilda Toshkentda aholining zich joylashganligini inobatga olgan holda, telefon aloqa tarmog’ini 10000 nomergacha kengaytirish qarori qabul qilindi va Toshkent ATS ni to’liq o’zini-o’zi boshqarish (Xozraschet) hisobiga o’tkazish taklifi berildi.

1935 yilda tuman markazlari bilan 40% qishloq kengashlari (selsovet), 50% sovxozlar va 81,2% mashina-traktor stansiyalari telefon aloqasidan foydalanish imkoniyatiga ega bo’ldilar.

Aloqachilar shu kabi jamoalarni to’liq telefon aloqasi bilan ta`minlash uchun barcha kerakli chora-tadbirlarni ko’rishdi va 20 ta tuman markazlarida yangi telefon stansiyalari qurildi.

Shu bilan bir qatorda, shaharlararo telefon aloqasini rivojlantirishga ham kerakli e`tibor qaratila boshlandi. Respublikadagi 17 ta shaharlararo telefon stansiyasi, 70 ta so’zlashuv punktlari ekspluatatsiyaga qabul qilindi.

Telegraf aloqasi bo’yicha olib borilayotgan tinimsiz ishlar natijasida, ushbu sohaning sifat ko’rsatgichlari ham yaxshi tomonga o’zgara boshladi.

Toshkent Markaziy Telegrafida telegrammalarni tezroq joylarga yetkazish, ish jatumanida yo’l qo’yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish hamda nuqsonlarni kamaytirish bo’yicha ishlar olib borildi. Telegraf aloqasi Respublikaning Toshkent shahridan boshqa shaharlarida ham rivojlana boshladi.

1935 yilda Shaharlararo Telefon Stansiyasi (MTS) Markaziy Telegraf tassarufidan chiqarilib, unga mustaqil korxona maqomi berildi.

1937 yilda O’zbekiston aloqa boshqarmasi O’zSSR ning Xalk Komissariati Ittifoqining vakolatli Aloqa Xalq Komissariati boshqarmasiga aylantirildi.

1946 yilning martidan boshlab, Aloqa Xalq Komissariati boshqarmasi Respublikalar Ittifoqi Aloqa vazirligining (Ministerstvo svyazi SSSR) O’zbekistondagi vakolat boshqarmasi sifatida ishlay boshladi.

1991 yilda O’zbekiston Respublikasi Mustaqillikga erishganidan so’ng, 1997 yilda O’zbekiston aloqa vazirligi O’zbekiston pochta va telekominikatsiyalar agentligiga aylantirildi. 2002 yilda esa O’zbekiston pochta va telekominikatsiyalar agentligi O’zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi etib qayta tashkil etildi.

Mamlakatimizdagi xalq xo’jaligi va aholining pochta,telegraf va telefon aloqasi xizmatlariga bo’layotgan talab va ehtiyojlarini to’liq va sifatli ta`minlanishida ushbu sohalar bo’yicha bo’layotgan rivojlanish va ijobiy o’zgarishlar katta ahamiyatga ega bo’ldi.

Inglizcha | O'zb | Ruscha